Surxondaryoda 13 yoshli haydovchining otasiga chora ko‘rildi
Angor tumanida Labo boshqarib ketayotgan voyaga yetmagan bolaning otasi maʼmuriy jazoga tortildi.
Surxondaryo viloyati Angor tumanida muntazam mashina boshqarib yurgan 7-sinf oʻquvchisining otasiga chora koʻrildi. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.
Maʻlum qilinishicha, Angor tumani Zartepa mahallasida yashovchi fuqarolar mahalla hududidan oʻtgan yoʻlda yosh bolaning Labo rusumli kichik yuk mashinasini boshqarib yurganiga bir necha marta guvoh boʻlishgan.
Shundan soʻng ular mahallaga biriktirilgan YPX xodimlariga holat haqida xabar berib, ushbu huquqbuzarlikni bartaraf etishni soʻragan.
Holat Angor tumani IIB YHXB xodimi tomonidan oʻrganilib, 7-sinf oʻquvchisi boʻlgan bola mashina boshqarib ketayotganida toʻxtatilgan.
YHXB boladan mashinani kim berganini soʻraganda, 13 yoshli oʻquvchi Laboni otasi berganini aytgan.
Qayd etilishicha, holat bolaning otasi ishtirokida muhokama qilingan va unga nisbatan belgilangan tartibda maʻmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.