21 Sentabr 2024, 14:13 Jahon, Oʻzbekiston

Buxoroda 263 dona qadimiy tangani Turkiyaga yashirincha olib ketayotgan shaxs ushlandi

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Buxoroda 263 dona qadimiy tangani Turkiyaga yashirincha olib ketayotgan shaxs ushlandi

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi hamda DXX Aviatsiya xavfsizligi xodimlarining o‘zaro hamkorligida qadimiy numizmatika buyumlarini respublika hududidan olib chiqilishiga bo‘lgan yana bir urinish bartaraf etildi.

Unda “Buxoro aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan “Buxoro—Istanbul” yo‘nalishidagi aviareys orqali xorijiy davlatga uchib ketish arafasidagi yo‘lovchi tegishli bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, mazkur fuqaro o‘zining qo‘l yuklari orasiga berkitgan holda qadimiy tangalarni olib chiqishga urinayotgani aniqlandi.

Ashyoviy dalil sifatida olib qolingan 263 dona qadimiy tangalarning bir qismi bundan 500 yil avval zarb etilgan bo‘lishi mumkin. Hozirda mazkur numizmatika buyumlarining qadimiylik darajasini aniqlash maqsadida Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi tomonidan badiiy ekspertiza tayinlangan bo‘lib, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

“Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi qonunga asosan zarb etilganiga 50 yildan oshgan numizmatika buyumlarini mamlakat hududidan olib chiqib ketish taqiqlanadi.

Mashhur yangiliklar