20 Sentabr 2024, 14:38 Oʻzbekiston

Qoraqalpogʻistonda 1-sinf oʻquvchisi darsdan juda qoʻpol tarzda olib ketildi

Bolalar ombudsmani mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Qoraqalpogʻistonda 1-sinf oʻquvchisi darsdan juda qoʻpol tarzda olib ketildi

Ijtimoiy tarmoqlarda maktablarning birida katta yoshli uch kishi boshlangʻich sinf oʻquvchisini sinfdan majburan olib chiqib ketgani aks etgan video tarqaldi. Bolalar ombudsmani mazkur holat yuzasidan maʼlumot berdi.

Maʼlum boʻlishicha, holat joriy yilning 5-sentyabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasining Ellikqalʼa tumanidagi 28-maktabning 1-sinf oʻquvchisi boʻlgan X.Y. bilan sodir boʻlgan. Oʻsha kuni bolaning onasi S.Sh. dars jarayonini buzgan holda sinfga kirib borib, oʻqituvchi uni toʻxtatishga urinishiga qaramasdan, kuch ishlatib majburan oʻgʻlini sinfdan olib ketgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan S.Sh. va boshqa shaxslarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid tegishli hujjatlar toʻplanib, sudga yuborilgan. Mazkur ish bugun, 20-sentyabr kuni sudda koʻrib chiqiladi.

Ushbu vaziyat bolaning kim bilan yashashiga oid qarindoshlar oʻrtasidagi nizo oqibatida yuzaga kelgan boʻlib, mazkur masala yuzasidan hujjatlar sud tartibida hal qilinishi uchun taqdim etilgan, deyiladi xabarda.

Qoʻshimcha qilinishicha, X.Y.ning hozirda taʼlim olish huquqi tiklanib, bola maktabda oʻqishini davom ettirmoqda.

Mashhur yangiliklar