Toshkent supermarketlarida ayrim mahsulotlar narxi arzonlashdi
Poytaxt supermarketlarida o‘tkazilgan monitoring natijalari 8 nomdagi mahsulot narxlari nisbatan pasayganini ko‘rsatdi.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2024-yilning sentyabr oyida Toshkentdagi yirik supermarketlarda 21 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘zgarishini ko‘rib chiqdi.
Monitoring natijalari 8 nomdagi mahsulot — olma, pomidor, karam, limon, grechka, tovuq go‘shti, piyoz, shakar bo‘yicha minimal narxlar o‘tgan oydagiga nisbatan pasayganini ko‘rsatdi. Tahlil 8-avgust va 12-sentyabr kunlari o‘tkazilgan monitoring maʼlumotlari asosida qilindi.
Shunday qilib, olmaning minimal narxi 28,2 foiz, pomidorniki 18,7 foiz, karamniki 15,9 foiz, limonniki 13,8 foiz, grechkaniki 5,9 foiz, tovuq go‘shtniki (file) 3,1 foiz, sariq piyozniki 2,0 foiz, shakarniki 1,6 foiz pasaygan.
To‘qqiz nomdagi mahsulotning minimal narxlari esa oshgan. Narxining oshishi bo‘yicha kartoshka yetakchi bo‘ldi. Bu esa mavsumiy omil bilan bog‘liq.To‘rt nomdagi mahsulotning eng past narxlari esa o‘zgarishsiz qolgan. Ularning orasida bug‘doy uni, guruch, qizil sabzi va tuxum bor.
Мавзуга оид хабарлар:
Toshkentda pirotexnika buyumlarini sotayotgan shaxslar ushlandi Toshkent shahri transport bosh boshqarmasiga yangi rahbarlar tayinlandi Toshkentdagi ikkita koʻchada harakat qariyb 20 kunga cheklanadi Toshkentda isitish quvurida avariya yuz berdi Toshkentdagi International mehmonxonasi 26 mln dollarga sotildi