Raqobat qo‘mitasi: 6 turdagi muzqaymoqda ortiqcha shakar va bakteriyalar aniqlandi
O‘zbekistonda olti turdagi muzqaymoqda ichak tayoqchasi guruhidagi bakteriyalar aniqlandi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan fuqarolar murojaatlari asosida “Хоттабыч” savdo belgisi ostida ishlab chiqarilayotgan 7 turdagi muzqaymoq sinov tariqasida xarid qilindi. Qadog‘ida shakarsizligi ko‘rsatilgan mahsulot “X Xasanboy va xolod” firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan, deyiladi qo‘mita xabarida.
Prezident administratsiyasi huzuridagi Tibbiyot bosh boshqarmasi tasarrufidagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi laboratoriyasi “Хоттабыч” muzqaymog‘ining “Eskimo”, “Bananli”, “Fistashkali”, “Shokoladli”, “Olxo‘ri mevali” va “Plombir” kabi turlarida ichak tayoqchasi guruhidagi bakteriyalar mavjudligini aniqladi.
“Technostandard Neo” kompaniyasi akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriya xulosasiga ko‘ra, “Eskimo”, “Bananli”, “Fistashkali”, “Shokoladli” va “Olxo‘ri mevali” muzqaymoqlarida saxaroza miqdori belgilangan me’yorlardan ikki baravar yuqori, ya’ni belgilangan 14,5−17,5% o‘rniga 37,7−38,1%. Aksincha, “Olma mevali” plombir mahsulotida saxaroza miqdori yetarli emas.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi xulosasiga ko‘ra, muzqaymoqning “Eskimo”, “Bananli”, “Fistashkali”, “Shokoladli”, “Olxo‘ri mevali”, “Olma mevali” va “Plombir” turlari tarkibi va markirovkasi umumiy texnik reglament talablariga nomuvofiq.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, muzqaymoq qadoqlarida uni iste’mol qilish vaznni kamaytirish, immunitetni yaxshilash, stressni yengillashtirish va kayfiyatni yaxshilashga yordam berishi aytiladi, ammo bu da’volarni tasdiqlovchi hujjatlar yo‘q.
Vazirlar Mahkamasining 490-son qarorida qayd etilishicha, nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlari texnik reglamentlar talablariga javob bermaydigan tamg‘alangan oziq-ovqat mahsulotlari muomalaga chiqarilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, ularni bozorlardan olib qo‘yish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rishi shart, ta’kidladi qo‘mita.
Yig‘ilgan ma’lumotlar chora ko‘rish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga yuborildi.
Мавзуга оид хабарлар:
Dorilar narxi asossiz oshirilishi tufayli iste’molchilardan 7 mlrd so‘m ortiqcha to‘lovlar undirilgan AI-80 benzinining boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatildi O‘zbekistonda propan narxi o‘sishiga cheklov o‘rnatildi Kredit reklamasida chalg‘ituvchi ma’lumot bergan bank jarimaga tortildi Raqobat qoʻmitasi “Davr bank”ka nisbatan moliyaviy jarima qoʻlladi