10 Sentabr 2024, 18:40 Oʻzbekiston

Toshkentda advokat va yurist 75 ming dollar bilan ushlandi

Toshkent shahrida mahkumning jazo muddatini yengilrog‘iga almashtirib berishini aytgan advokat va yurist qo‘lga olindi.

Toshkentda advokat va yurist 75 ming dollar bilan ushlandi

Toshkent shahrida 2 nafar advokat va yuristning noqonuniy qilmishlari fosh etildi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.

Keltirilishicha, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati M.M. Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida jalb qilingan shaxsga nisbatan sud tizimidagi tanishlari orqali oqlov hukmi chiqarib berish evaziga 30 ming AQSH dollari talab qilgan.

Ammo, u so‘ralgan puldan 20 ming AQSH dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Hozirda advokatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa holatda esa Toshkent shahridagi advokatlik firmasi advokati Sh.U. va qurilish sohasida faoliyat yurituvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat yuristi T.N. o‘zaro kelishgan holda, 2021-yilda Jinoyat Kodeksining 131 va 135-moddalari bilan sudlanib, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va hozirda jazo muddatini o‘tayotgan shaxsning ayblovidan 135-moddani olib tashlash orqali, unga nisbatan tayinlangan jazoni sud tizimida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali boshqa yengilroq jazo turiga almashtirib berish evaziga 75 ming AQSH dollari talab qilgan.

Mart oyida ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Holat yuzasidan Sh.U. va T.N.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi tomonidan Sh.U. va T.N.larning har biriga nisbatan 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda 136 mln so‘m jarima jazosi tayinlandi. Advokat Sh.U. muqaddam sud tizimida sudya lavozimida ishlagan. MCHJ yuristi T.N. esa 2009-yilda Jinoyat Kodeksining 210-moddasi bilan, 2016-yilda esa 122-moddasi bilan sudlangan.

Mashhur yangiliklar