10 Sentabr 2024, 08:17 Jahon

Apple iPhone 16 smartfonini taqdim etdi

9-sentyabr kuni Apple kompaniyasi an’anaviy yangi mahsulotlar taqdimotini o‘tkazdi.

Apple iPhone 16 smartfonini taqdim etdi

Kecha, 9-sentyabr kuni Apple kompaniyasi an’anaviy yangi mahsulotlar taqdimotini o‘tkazdi. Taqdimot o‘zgacha ko‘rinishda bo‘ldi: Tim Kuk boshchiligidagi kompaniya mutaxassislari sahnada emas, ochiq havoda yangi qurilmalar haqida gapirib berishdi.

Apple Watch Series 10

Yangi Apple Watch Series 10 soati Ultra uslubidagi yangi dizaynga, shuningdek, kattaroq displeyga ega bo‘lishi ma’lum qilindi. Bundan tashqari, u Apple Watch Series 9 dan 40 foiz yorqinroq bo‘ladi. Hoshiyasi yanada yupqaroq ko‘rinishga ega.

Ushbu soat liniya tarixidagi eng tez quvvatlanadi: 0 dan 80 foizgacha quvvatni atigi 30 daqiqada to‘ldirish mumkin. Zaryadlashsiz 18 soatgacha ishlashi mumkin. Shuningdek, avvalgi soatlarga qaraganda ancha yengil bo‘lishi ma’lum qilindi.

Narxi: Apple Watch Series 10 narxlari GPS va modemli versiya uchun 400 va 500 dollardan boshlanadi.

AirPods 4

Apple to‘rtinchi avlod AirPods quloqchinlarini taqdim etdi. Kompaniya ularni yanada qulayroq qilish uchun shaklini biroz o‘zgartirdi.

Endilikda yangi avlod Apple AirPods quloqchinlari bilan qo‘ng‘iroqlarga boshingizni qimirlatib javob berishingiz mumkin.

Ko‘chada muloqot qilish uchun maxsus rejim qo‘shilgan — suhbat boshlaganingizda musiqa avtomatik o‘chadi.

Narxi: AirPods 4 ning narxi 129 dollarga, shovqinni “yo‘qotuvchi” xususiyatga ega quloqchin esa 149 dollarga taklif qilinmoqda.

Ikkala versiya ham USB-C va simsiz zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydigan zaryadlash qutisiga ega. Ishlash muddati 30 soatni tashkil qiladi.

iPhone 16

Yangi iPhone 16 smartfoni qora, pushti, yashil, oq va ko‘k ranglarda chiqarilishi ma’lum qilindi.

Smartfonning eng muhim jihatlari:

  • Kameralar yana 2 ta bo‘ldi va ancha yaxshilandi;
  • foto uchun alohida tugmacha paydo bo‘ldi;
  • iPhone15 dan 40 foiz tezroq.
  • yangi A18 chipga ega;
  • Apple Intelligence sun’iy intellektiga ega. Kamerani biror narsaga qarating va iPhone sizga o‘sha narsa haqida barcha ma’lumotni taqdim qiladi;
  • ekran yaxshilandi, endi hamma narsa jazirama quyosh ostida ham ko‘rinadi;
    fotosuratlarni qayta ishlash ancha boyidi, keraksiz hamma narsani bir marta bosish bilan o‘chirib tashlashingiz mumkin.

Narxi: oddiy versiya 799 dollardan, Plus — 899 dollardan boshlanadi.

Barcha mahsulotlar sotuvi 20-sentyabrdan boshlanishi ma’lum qilindi.

Mashhur yangiliklar