IIBB Toshkentdagi musiqa festivalida yuzaga kelgan janjal boʻyicha munosabat bildirdi
Unga koʻra, jamoat tartibini buzgan 5 nafar voyaga yetmagan shaxsning ota-onasiga bayonnoma tuzilgan.
Toshkent shahri IIBB tarmoqlarda “Pepsi Music Fest 2024” musiqa festivaliga kelgan fuqarolar jamoat tartibini buzayotgani aks etgan video tarqalgach, holat yuzasidan ma’lumot berdi.
6-sentabr kuni Yunusobod tumanida musiqa festivalining birinchi kuni o‘tkazilgan. Tadbir soat 18:00 dan 22:20 ga qadar bo‘lib o‘tgan.
Qayd etilishicha, yig‘ilganlar orasida bir necha fuqarolar jamoat tartibini buzib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimasdan, mayda bezorilik sodir etgan.
IIO xodimlari tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ularning shaxsi aniqlanib, 5 nafar voyaga yetmagan shaxsning ota-onasiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik)ga ko‘ra ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Qolgan fuqarolarga nisbatan to‘plangan hujjatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda, deyiladi bosh boshqarma xabarida.
Shuningdek, tekshiruvlar davomida fuqarolar tan jarohati olgani haqida xabar kelib tushmagan.