Prezident Paralimpiya chempionlari bilan telefon orqali muloqot qildi
Shavkat Mirziyoyev Paralimpiya chempionlari Elbek Sultonov, Yorqinbek Odilov va Asadbek Toshtemirov bilan telefon orqali suhbatlashdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Parijdagi Paralimpiya oʻyinlarida gʻalaba qozonib, terma jamoa hisobidagi oltin medallar sonini beshtaga yetkazgan yengil atletikachilar Elbek Sultonov, Yorqinbek Odilov va taekvondochi Asadbek Toshtemirov bilan telefon orqali suhbatlashdi.
Davlat rahbari oʻzi va oʻzbek xalqi nomidan sportchilarni samimiy qutlab, bu zafarlar eng aziz, eng ulugʻ bayram – Mustaqillik kuniga munosib sovgʻa boʻlganini taʼkidladi. U Paralimpiyachilarning murosasiz bellashuvlarda koʻrsatayotgan yuksak mahorati va metin irodasi butun xalq, ayniqsa yoshlarni ruhlantirayotgani qayd etdi.
Prezident yigitlarning murabbiylari va ota-onasiga minnatdorlik bildirib, kecha sovrindor boʻlgan sportchilarimizga ham salom va tabrik soʻzlarini yoʻlladi.
Chempionlar har bir chiqishda davlat rahbari va xalq qoʻllovini his etganlarini aytib, Oʻzbekistonda paralimpiya harakati rivojiga qaratilayotgan eʼtibor va yaratilgan sharoitlar uchun rahmat aytdi.
Мавзуга оид хабарлар:
Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlariga mukofotlar topshirildi Toshkent mahalliy aeroporti orqali amalga oshiriladigan ayrim reyslar xalqaro terminalga oʻtkaziladi 15 yoshli Shahina Yigitaliyeva Paralimpiya o‘yinlari kumush medaliga ega chiqdi Tolibboy Yo‘ldoshev Paralimpiya oltin medalni qo‘lga kiritdi Husniddin Norbekov uch karra Paralimpiya o‘yinlari g‘olibiga aylandi