Qashqadaryoda hokim yordamchisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Shahrisabz shahrida hokim yordamchisi va boshqalar 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilishda gumonlanmoqda.
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan hokim yordamchisi va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.
Qayd etilishicha, mahallalardan birining hokim yordamchisi F.A. mansab mavqeidan foydalanib, to‘qimachilik, tikuvchilik va trikotaj sanoati uchun texnikalar ulgurji savdosiga ixtisoslashgan MCHJ rahbari R.M. bilan til biriktirgan.
2022−2023-yillarda naslli chorva mollari sotib olish, parrandachilik, asalarichilik, tikuvchilik, issiqxona tashkil etish va boshqa maqsadlarda 14 nafar fuqaro nomidan imtiyozli kredit olish uchun shartnoma va hisob-faktura hujjatlariga elektron raqamli imzo orqali soxta ma’lumotlar kiritgan va bankka taqdim etgan.
So‘ngra bank tomonidan 440,3 mln so‘m kredit mablag‘i ajratilgan. Bundan tashqari, hokim yordamchisi boshqa MCHJ rahbari X.S. bilan ham kelishib, 25 nafar fuqaro nomidan soxta ma’lumotlar taqdim etish orqali bankdan 733,3 mln so‘m kredit mablag‘i ajratilishiga erishgan. Shu tariqa, jami 1 mlrd 173,6 mln so‘m kredit mablag‘i talon-toroj qilingan.
Holatlar bo‘yicha hokim yordamchisi, MCHJ rahbarlari hamda boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Мавзуга оид хабарлар:
Qashqadaryo hamda Jizzaxda ekologiya va qurilish mutaxassislari pora bilan ushlandi Qashqadaryoda elektrdan noqonuniy foydalangan fermer xo‘jaliklari aniqlandi Andijonda tadbirkorga kredit bermagan bankdan 200 mln so‘m undirildi Qashqadaryodagi 2 ta paxta to‘qimachilik klasteri asossiz daromad olgani aniqlandi Qashqadaryoda soliqchilar 2-sinf o‘quvchilariga to‘lovlar boyicha eslatma xati tarqatdi