21 Avgust 2024, 16:56 Oʻzbekiston

O‘zbekistonda “prava”si olib qo‘yilganlar 1 yilda 707 ta YTH sodir etgani aytildi

Transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan mazkur shaxslar sodir etgan YTHlarda bir yilda 212 kishi vafot etgan.

O‘zbekistonda “prava”si olib qo‘yilganlar 1 yilda 707 ta YTH sodir etgani aytildi

O‘zbekistonda 2023-yilda transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinganiga qaramay, qaytadan rulga o‘tirgan shaxslar 707 ta YTH sodir etgan. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Buning oqibatda 212 nafar shaxs vafot etgan, 546 nafari esa turli darajadagi tan jarohatlari olgan.

Haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinganlar umumiy haydovchilar sonining 0,3 foizini tashkil qilgani holda, ular tomonidan sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari jami yuz bergan avariyalarning 11 foizini tashkil etgan.

2024-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston bo‘yicha qonuniy ravishda o‘qib, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan 10 million 200 mingdan ortiq qoidabuzarlik sodir etilgan.

Qayd etilishicha, bu davrda YTHning 58,5 foizi piyodalar ishtirokida sodir etilgan. Piyodalar ishtirokidagi hodisalarning 20 foizi piyodalar o‘tish joylari tashkil etilmagani oqibatida, 19 foizi esa piyodalar o‘tish joyi mavjud bo‘lsa-da, piyodalar tomonidan ongli ravishda yo‘l harakati qoidalariga bo‘ysunmasdan yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tishlari oqibatida sodir bo‘lgan.

Shuningdek, piyodalar ishtirokidagi hodisalarning 13 foizi haydovchilarning tartibga solingan piyodalar o‘tish joyida svetoforning taqiqlovchi ishorasiga qaramay harakatlanishi, 16 foizi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida haydovchilarning piyodalarga yo‘l bermasligi oqibatida kelib chiqqan.

Mashhur yangiliklar