Toshkentda soxta “O‘zbekfilm” xodimi pora bilan ushlandi
Toshkent shahrida mahkuma ayol haqidagi serial uchun ruxsat olib berish evaziga 20 ming dollar olgan shaxs ushlandi.
DXX xabariga ko‘ra, Toshkent shahrida yashovchi, 1975 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zini go‘yoki “O‘zbekfilm” davlat unitar korxonasida mas’ul lavozimda ishlovchi shaxs sifatida tanishtirib, Toshkent viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotgan mahkuma ayol hayotiga bag‘ishlangan ko‘p qismli serialni suratga olish uchun Kinematografiya agentligi huzuridagi Badiiy kengashda ishlovchi tanishlari orqali ruxsat olib berish evaziga 20 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Janubiy kon boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Qo‘shrabot tumanida yashovchi 2 nafar fuqaroni ushbu kon boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, mazkur shaxs 2023 yilning sentabr oyida “Zarmitan” koniga ishga joylashtirib qo‘yishini aytib, Qo‘shrabot tumanida istiqomat qiluvchi 4 nafar fuqarodan jami 9 ming AQSh dollari olgan va o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda konsalting firma rahbari o‘zining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali, poytaxtlik fuqaroga chet tilini bilish bo‘yicha milliy sertifikat olib berib, uni Toshkent davlat yuridik universitetining magistratura bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 3500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda uchala shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Мавзуга оид хабарлар:
To‘rt viloyatda pora olayotgan advokatlar qo‘lga tushdi Buxoroda fuqaroga umrbodlik nafaqa va’da qilgan shifokor ushlandi Jizzax viloyatida temiryo‘l stansiyasi boshlig‘i pora bilan ushlandi Qashqadaryo hamda Jizzaxda ekologiya va qurilish mutaxassislari pora bilan ushlandi Andijonda hokim o‘rinbosari 30 ming dollar pora bilan qo‘lga tushdi