15 Avgust 2024, 16:39 Jahon, Oʻzbekiston

Rossiyada tungi klubni yoqib yuborgan ikki nafar o‘zbekistonlik qamaldi

Rossiyada o‘zlari kiritilmagan klubni yoqib yuborgan o‘zbekistonliklarga sud hukmi o‘qildi.

Rossiyada tungi klubni yoqib yuborgan ikki nafar o‘zbekistonlik qamaldi

Rossiyada o‘zlari kiritilmagan klubni yoqib yuborish va qo‘riqchilarga suiqasd uyushtirishda ayblangan O‘zbekiston fuqarolari 10 va 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasining Boshqirdiston Respublikasi bo‘yicha tergov boshqarmasi ma’lum qildi.

Tergov davomida aniqlanishicha, 2023 yil 28 sentyabrga o‘tar kechasi tungi muassasa qo‘riqchilari tomonidan ikki nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi mast holatda bo‘lganlikda gumon qilinib, hududga kiritilmagan. Aybdorlar yoqilg‘i quyish shoxobchasidan idishga benzin to‘ldirib hududga qaytib keladi va qo‘riqchilardan biriga va muassasaga tez yonuvchi aralashmani sepib, ularni yoqib yuboradi.

Muassasa xodimlari va mehmonlari o‘z vaqtida yong‘in o‘chog‘idan xavfsiz masofaga qochishga muvaffaq bo‘lgan. Xodimlar yong‘inni o‘chirishga erishadi. Jinoyatdan so‘ng gumonlanuvchilar qochishga uringan, biroq ular politsiyachilar tomonidan Ufa aeroportida Moskvaga olingan chiptalar bilan ushlangan.

Boshqirdiston Respublikasi Tergov boshqarmasi Ufa shahri Kirov tumani bo‘yicha tergov bo‘limi tomonidan to‘plangan dalillar sud tomonidan ikki O‘zbekiston fuqarosini ayblash uchun yetarli deb topildi. Ular Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “b”, “d”, “e”, “j” bandlari va 30-moddasi 3-qismi (odamni o‘z xizmat faoliyatini amalga oshirishi munosabati bilan o‘ldirishga urinish, o‘ziga xos shafqatsizlik bilan, umumiy xavfli tarzda, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Ayblanuvchilar 10 va 11 yilga ozodlikdan mahrum qilindi hamda jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tash shart etib belgilandi. Shuningdek, jabrlanuvchi foydasiga 200 ming rubl miqdorida ma’naviy zarar undirildi. Hukm hali qonuniy kuchga kirmagan.

 

Mashhur yangiliklar