Andijonda 11 yoshli qizni urib yuborgan haydovchiga hukm o‘qildi
Andijon shahrida yosh qizning umriga zomin bo‘lgan haydovchi 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Andijon shahrida maktab o‘quvchisining umriga zomin bo‘lgan haydovchi jinoiy jazoga tortildi. Sud hujjatiga ko‘ra, YTH 2024 yil 15 mart kuni sodir bo‘lgan. 2002 yilda tug‘ilgan haydovchi A.J. Damas mashinasini Andijon shahri Mustaqillik mahallasi hududida boshqarib ketayotib, piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 11 yoshli qizni urib yuborgan.
Voyaga yetmagan R.O. ushbu paytda maktabdan qaytayotgan bo‘lgan. YTH oqibatida o‘quvchi ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan oradan 4 kun o‘tib, shifoxonada vafot etgan.
Hukmda keltirilishicha, haydovchi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, 30 km/soat tezlik belgilangan hududda mashinani yuqori tezlikda boshqargan.
Haydovchi sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lib, mashinani 50-60 km/soat tezlikda boshqarganini, qiz piyodalar yo‘lagidan yugurgan holda chiqqanligini va masofa juda yaqinligi sababli uni urib yuborganligini ma’lum qilgan. Shuningdek, u jabrlanuvchining dafn marosimlariga oila a’zolari tomonidan moddiy yordam taklif etilganida, marhumaning qonuniy vakili tomonidan rad etilganini, qilmishidan pushaymonligini bildirib, suddan o‘ziga nisbatan qonuniy yengillik berishni so‘ragan.
Qizning qonuniy vakili esa suddan haydovchiga nisbatan 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni so‘ragan.
Sud hukmi bilan A.J. Jinoyat kodesining 266-moddasi 2-qismida (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzib odam o‘limiga sabab bo‘lish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 3 yil tranport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, A.J.dan jabrlanuvchining qonuniy vakili foydasiga 15 mln so‘m ma’naviy zarar undirish belgilangan.
Мавзуга оид хабарлар:
Andijon hududida yer silkinishi qayd etildi Andijonlik 20 nafarga yaqin bola 3 ta Damas’da Qoraqalpog‘istonga olib ketilayotgani aniqlandi Andijonda terrorchi guruhlarga pul yuborgan shaxs 10 yildan koʻproqqa qamaldi Andijonda yuk mashinasi yonib ketdi Samarqandda avtobus urib yuborgan piyoda halok bo‘ldi