Surxondaryoda soxta havola orqali o‘zganing 27 mln so‘mini o‘g‘irlagan shaxs ushlandi
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Toshkent shahrida yashovchi M.O. ichki ishlar organiga murojaat qilib, bank kartasidan 27 mln so‘m miqdoridagi pul mablag‘i nomaʼlum shaxs tomonidan o‘zlashtirilganligini maʼlum qilgan. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Surxondaryo viloyatida yashovchi 34 yoshli J.G. sodir etganligi aniqlandi.
Unga ko‘ra, J.G. internet foydalanuvchilariga Telegram orqali yolg‘on eʼlonlar ostida soxta dastur, havola jo‘natib kelgan. Bu eʼlonga ishonib yuklab olgan jabrlanuvchi M.O.ning bank karta maʼlumotlarini qo‘lga kiritib, uning bank mobil ilovasiga ikkinchi foydalanuvchi sifatida ulanib olgan. J.G. jabrlanuvchining hisobidagi bo‘lgan 27 mln so‘mni o‘zining bank kartasiga o‘tkazib, ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan J.G.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik) 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.