23 Iyul 2024, 16:04 Oʻzbekiston

Endi ayrim tadbirkorlar chetdan avtobus va mikroavtobuslar import qilganida bojxona bojidan ozod etiladi

Shuningdek, faoliyat boshlaganiga 3 yildan ko‘p bo‘lmagan turoperatorlarning xalqaro turizm ko‘rgazmalaridagi pavilon ijarasining 50 foizi qoplanadi.

Endi ayrim tadbirkorlar chetdan avtobus va mikroavtobuslar import qilganida bojxona bojidan ozod etiladi

18-iyul kuni “O‘zbekiston Respublikasida turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar qildi.

Farmonga ko‘ra, 2024-yil 1-sentabrdan kirish turizmi faoliyatini amalga oshiruvchi rezident bo‘lgan turoperatorlarni xorijiy mamlakatlardan respublikaga turistlarni olib kelishda aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan respublika tijorat banklari orqali milliy valyutada yillik 14 foiz stavkada kredit liniyasi ochiladi.

Bunda:

  • belgilangan yillik foiz stavkasi tarkibida bank marjasi 3 foizdan oshmagan miqdorda o‘rnatiladi;
  • kredit mablag‘lari turoperatorlarga 2 yillik imtiyozli davr (foiz va asosiy qarzdan) bilan 10 yil muddatga ajratiladi;
  • Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan tijorat banklariga resurslar 3 yillik imtiyozli davr bilan 12 yil muddatga ajratiladi.

Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-avgustgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasida ro‘yxatga olinib, litsenziyaga ega bo‘lgan turoperatorlarga, istisno tariqasida, ekstremal turlarni tashkil qilish uchun dvigatel hajmi 2,4 litrdan kam bo‘lmagan yuqori o‘tish qobiliyatiga ega transport vositalari import qilinayotganda bojxona boji va utilizatsiya yig‘imini amaldagi stavkaning 25 foizi miqdorida 3 yil muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.

2025-yil 1-avgustgacha turizm sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan import qilinadigan avtobus va mikroavtobuslar bojxona bojidan ozod etiladi.

Turizm qo‘mitasi tomonidan ro‘yxati shakllantiriladigan xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalarida turizm sohasidagi tadbirkorlar, hunarmandlar, madaniyat va san’at vakillari ishtirok etadi.

Bunda, 2025-yil 1-yanvardan:

  • xalqaro turizm yarmarka va ko‘rgazmalari uchun hokimliklarning mahalliy budjetidan 1 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan mablag‘lar ajratiladi;
  • faoliyat boshlaganiga 3 yildan ko‘p bo‘lmagan turoperatorlarning xalqaro turizm yarmarka va ko‘rgazmalaridagi pavilon ijarasi xarajatining 50 foizi qoplab beriladi;
  • hunarmandlarning xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalaridagi pavilon ijarasi, ularda namoyish etiladigan mahsulotlarini tashish va aviachipta xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.

Mashhur yangiliklar