Urgutda So‘g‘d madaniyatiga oid ibodatxona va noyob devoriy suratlar topildi
Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Qo‘rg‘ontepa yodgorligidan VII-VIII asrlarga oid ibodatxona o‘rni va devoriy suratlarni topdi.
Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Jo‘rabtepa mahallasida joylashgan Qo‘rg‘ontepa yodgorligida ilk o‘rta asrlarga oid bo‘lgan ibodatxona o‘rni topildi, deya xabar bermoqda Samarqand arxeologiya instituti.
Qayd etilishicha, institut xodimlari mazkur hududda 2022-yildan buyon arxeologik tadqiqotlar olib bormoqda. Topilgan ibodatxona tarhi to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda bo‘lib, devorlarning saqlanib qolgan balandligi 3 metr. Xonaga 5 ta eshik orqali kirish mumkin. Uning to‘rida taxt-supa, to‘rt tomonida ustun o‘rinlari joylashgan.
Xona devorlari diniy mavzudagi suratlar bilan bezatilgan bo‘lib, saqlanib qolingan tasvirlar orasida yuzi ovalsimon, quloq va qo‘llari esa zebu-ziynatlarga boy bo‘lgan ma’budaning tasviri mavjud. Uning boshida ilk o‘rta asrlar So‘g‘d san’atida ko‘p uchraydigan qanotli, ustki qubbasi yarim oy shaklda bo‘lgan toj tasviri aks ettirilgan, deyiladi xabarda.
Surat parchalari orasida bunday toj va personaj tasvirlarining turli parchalari aniqlanmoqda. Shuningdek, devorlarda tokchalar ham mavjud bo‘lib, ulardan birining ichida loydan yasalgan haykalning qo‘l hamda oyoq qismlari topilgan.
Arxeologlarning aytishicha, ibodatxona VII-VIII asrlarda faoliyat yuritgan, ammo 712 yilda Qutayba ibn Muslim boshchiligidagi arablarning Samarqandga qilgan yurishlari natijasida yoqib yuborilgan bo‘lishi mumkin.
Islomgacha bo‘lgan davrga tegishli devoriy surat va haykaltaroshlik namunalari O‘zbekistonda bir necha o‘n yillikda aniqlanmagan edi, shu sababli, Qo‘rg‘ontepada topilgan bu san’at asarlari katta ahamiyatga ega. Hozirda qazuv ishlari davom etmoqda, devoriy suratlarni saqlash va nusxa ko‘chirish ishlari olib borilmoqda, dedi Samarqand arxeologiya instituti mutaxassisi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Alisher Sandiboyev.
Hozirda ushbu joyda arxeologik qazuv tadqiqotlari, devoriy suratlarni saqlash, ulardan nusxa ko‘chirish va yechib olish jarayonlari davom etmoqda. Kelgusida yodgorlikni yaponiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda fanlararo usullarini qo‘llagan holda tadqiq etish rejalashtirilgan.
Мавзуга оид хабарлар:
Afrikada insoniyat tarixidagi ikkinchi eng katta olmos topildi