Skuter, moped va velosipedda sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanmoqda
Tez yordam va yongʻin oʻchirish mashinalari tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar ortiqcha qogʻozbozliklarsiz tugatilishi nazarda tutilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kichik hajmli elektr dvigatelli transport vositalarini va individual harakatlanish vositalarini (skuter, moped, velosiped) boshqarish vaqtida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan holat muayyan qisqa muddat davomida qaror qabul qilinmagan taqdirda, huquqiy oqibatini keltirib chiqarmasligini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Qonun loyihasi bilan avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yoʻl harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan hollarda transport vositasining mulkdori toʻgʻrisida maʼlumot mavjud boʻlmasa, shuningdek maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilishiga oid maʼlumotlar jarima solish toʻgʻrisida qaror chiqarishga vakolatli boʻlgan mansabdor shaxsga (huquqbuzarga emas) 48 soat ichida yuborilmagan boʻlsa ishni koʻrib chiqish tugatilishi haqidagi norma bilan toʻldirilmoqda.
Bundan tashqari, kodeksning 283-moddaning birinchi qismi quyidagicha bayon etilmoqda. Unga koʻra, agar fuqaro oʻzi sodir etgan huquqbuzarlik faktiga eʼtiroz bildirmasa hamda unga joyning oʻzida solinadigan jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan oshmasa, shuningdek, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda ham maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzilmaydi. Yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun, jarima miqdoridan qatʼi nazar, maʼmuriy bayonnoma tuziladi.
Shuningdek, tez tibbiy yordam va yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari transport vositalari tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar yuzasidan yuritilgan maʼmuriy ishlarni ortiqcha qogʻozbozlikdan voz kechgan holda tugatish tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda. Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda ham qabul qilindi.