12 Iyul 2024, 10:23 Oʻzbekiston

Margʻilonda 25 ming aholiga moʻljallangan yangi massiv quriladi

Massivda 5 ming xonadonli uylar, institutlar, mehmonxonalar, savdo markazlari, teatr, park va boshqa obyektlar boʻladi. Shavkat Mirziyoyev margʻilonlik nuroniylar, jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvda shular haqida gapirdi.

Margʻilonda 25 ming aholiga moʻljallangan yangi massiv quriladi

Fargʻona viloyati Margʻilon shahrida 110 gektar maydonda yangi turar joy massivi quriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev va Margʻilon shahri jamoatchiligi vakillari oʻrtasidagi uchrashuvda aytib oʻtildi.

Maʼlum qilinishicha, Fargʻona viloyatining Margʻilon shahrida aholi zich yashaydi. Yosh oilalarga va kelgusi avlodlarga munosib sharoit yaratish maqsadida prezident shaharda yangi massiv qurish gʻoyasini ilgari surgan.

“Mamlakatimizning koʻp joylarida yangi massivlar, shaharchalar quryapmiz. Margʻilonliklarning yashash sharoitlaridan, uy-joylarga ehtiyojidan xabarim bor. Shu talab va istaklarni, koʻpchilik oilalarning orzularini inobatga olib, zamonaviy imoratlar qurishni oʻylayapmiz”, — degan Shavkat Mirziyoyev.

Loyihaga koʻra, 110 gektar maydonda bunyodkorlik ishlari olib boriladi. Xususan, 25 ming aholiga moʻljallangan 5 mingta xonadonli koʻp qavatli uylar quriladi. Shuningdek, Burhonuddin Margʻiloniy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Maqom teatri, yuridik institut, 4 ta mehmonxona, shoir va sanʼatkorlar xiyoboni, savdo va xizmat majmualari boʻladi.

Mashhur yangiliklar