Ijtimoiy himoya milliy agentligi davlat ijtimoiy sug‘urtasi doirasida homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini tayinlash va to‘lash tartibini tushuntirdi.
Yangi qoidalar Mehnat kodeksi, “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi Qonun va Vazirlar Mahkamasi qarorlari normalarida o‘z aksini topdi.
MKning 404-moddasiga muvofiq nafaqalarni tayinlash va to‘lash tartibi hukumat tomonidan belgilanadi. Ushbu normani rivojlantirish maqsadida 2025-yil 9-dekabrda “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, sug‘urta to‘lovlariga, shu jumladan minimal sug‘urta stajiga nisbatan yagona talablar joriy etildi. Qonun asosida Vazirlar Mahkamasi vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini to‘lash to‘g‘risidagi yangi nizomni tasdiqladi.
Hujjat sug‘urtalangan shaxsning sug‘urta stajiga qarab nafaqalarning tabaqalashtirilgan miqdorini nazarda tutadi. Belgilangan tartibga ko‘ra, to‘lovlar quyidagicha hisoblanadi:
- sug‘urta staji 10 oydan 24 oygacha bo‘lganda – o‘rtacha ish haqining 75 foizi;
- 25 oydan 60 oygacha – 85%;
- 61 oy va undan ko‘p – o‘rtacha ish haqining 100 foizi.
Agentlikning ta’kidlashicha, nafaqaning eng kam miqdori – o‘rtacha ish haqining 75 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda saqlab qolingan va yangi qoidalar Mehnat kodeksiga zid emas. Bunda nafaqalarni tayinlash va to‘lash mexanizmlari hukumat vakolatiga kiritilgan.
Homiladorlik va tug‘ish nafaqalari ijtimoiy yordam emas, balki sug‘urta to‘lovlaridir. Ularga bo‘lgan huquq ijtimoiy sug‘urta tizimida ishtirok etish va sug‘urta badallarini to‘lash hisobiga shakllanadi.
2026-yil 1-yanvarga qadar bunday nafaqalar asosan byudjet tashkilotlarida to‘lanar va ish beruvchining majburiyati sifatida qaralar edi. Vazirlikning baholashicha, bu sug‘urta badallari va to‘lovlarni olish huquqi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ta’minlamagan va ayrim hollarda suiiste’molliklarga, jumladan, nafaqa olish uchun qisqa muddatli rasmiy ishga joylashishga olib kelgan.
O‘zgarishlar ayollarning ijtimoiy himoyasini cheklamaydi, aksincha, rasmiy bandlikni va sug‘urta tizimida uzluksiz ishtirok etishni rag‘batlantiradi, barqarorroq ijtimoiy kafolatlarni ta’minlaydi.
Ilgari xususiy sektorda kamida olti oylik uzluksiz ish stajiga ega bo‘lish talabi mavjud bo‘lib, nafaqa miqdori o‘rtacha ish haqining 75 foizini tashkil etardi. Bunday yondashuv xalqaro amaliyotga ham mos keladi.




















