14 Oktabr 2024, 17:18 Oʻzbekiston

Poytaxt hokimligi fuqarolarni boshpanasiz hayvonlarga yordam berishga chaqirdi

Toshkent shahar hokimligi fuqarolarni sovuq kunlarda boshpanasiz hayvonlarga yordam berishga chaqirdi.

Poytaxt hokimligi fuqarolarni boshpanasiz hayvonlarga yordam berishga chaqirdi

Toshkent hokimligi shahar aholisiga sovuq havo kelishi bilan boshpanasiz hayvonlarni asrashga chaqiruvchi murojaatini e’lon qildi.

Bugundan boshlab kunlar sezilarli darajada salqinlashdi va tez orada salqin havo o‘rnini ayozli kunlar bosadi. Shu sababli, poytaxt aholisi va mehmonlariga yuzlanib, e’tiborlarini qarovsiz kuchuk va mushuklarga qaratmoqchimiz, hoynahoy ular siz yashab turgan hovlida ham bo‘lsa kerak.

Imkoningiz va xohishingiz bo‘lsa boshpanasiz jonivorga boshpana yoki ozuqa bering. Shunday qilib, siz kichik, ammo juda muhim bo‘lgan hayotni saqlab qolishingiz mumkin, deya ta’kidladi shahar hokimligi.

Hokimlik haydovchilarga murojaat qilar ekan, avtomobillarni o‘t oldirishdan avval uni tekshirib ko‘rishni so‘radi, chunki sovuq havoda jonivorlar issiq boshpana izlab, ko‘pincha mashina g‘ildiraklari va kapotlari ostida yashirinadilar: “Bir muddat shoshmang, mashina atrofini tekshirish uchun bir daqiqa vaqt ajrating”.

Mashhur yangiliklar