14 Oktabr 2024, 15:24 Oʻzbekiston

Oʻzbekistonda salqin ob-havo hafta yakuniga qadar saqlanib qoladi

“Oʻzgidromet” xabariga koʻra, Rossiya hududidan kirib kelgan antitsiklon bugun va ertaga mamlakatning barcha hududlariga taʼsir etadi.

Oʻzbekistonda salqin ob-havo hafta yakuniga qadar saqlanib qoladi

Ural (Rossiya) hududidan kirib kelgan sovuq va nam havo massalari 14-15-oktyabr kunlari antitsiklon mamlakatning barcha hududlariga taʼsir etadi. Bu haqda “Oʻzgidromet” xabar bermoqda.

Unga koʻra, Respublika boʻyicha baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi, togʻoldi va togʻli hududlarda kuchli yomgʻir yogʻadi, baland togʻlarda yomgʻir qorga aylanadi, faqat respublikaning shimoliy hududlari boʻyicha yogʻingarchilik kutilmaydi. Chorshanba kuni faqat Fargʻona vodiysi viloyatlarida yomgʻir yogʻishi ehtimoli saqlanib turadi.

Ushbu kunlarda harorat foni oʻrtacha iqlimiy qiymatlardan 6-8 darajaga past boʻladi. Harorat kechalari 3-8 daraja iliqqacha, shimoliy hududlarda 0-2 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduz kunlari 13-18 darajadan yuqori boʻlmaydi.

Payshanba va juma kunlari antitsiklon sharqqa tomon siljiydi, bu kunlarda Oʻzbekiston boʻyicha yogʻingarchilik yogʻishi ehtimoli kam. Havo harorati kechalari 3-8 daraja iliq atrofida boʻlishi saqlanib turadi, juma kuniga kelib kunduz kuni 17-22 darajagacha koʻtariladi.

16-17-oktyabrda respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol 13-18 metr/sekundgacha kuchayishi kutilmoqda. 14-17-oktabrda Respublikaning ayrim joylariga tuman tushishi mumkin.

Toshkentda 14-15-oktyabr kunlari vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi. Shamol gʻarbdan 5-10 metr/sekund tezlikda esadi. Havo harorati 14-oktyabr kuni kunduzi 15-17 darajani tashkil etadi, 15-oktyabrda kechasi 8-10 daraja boʻladi, kunduzi 13-15 darajadan yuqori boʻlmaydi.

16-17-oktyabrda yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 metr/sekund tezlikda esadi. Havo harorati kechalari 3-6 daraja iliq, kunduz kunlari 13-16 daraja atrofida boʻladi.

Mashhur yangiliklar